Goʻshtli qoʻylarni qanday tanlash kerak?

#

Qoʻylar eng tez oʻsadigan hayvonlardan biri boʻlib, ularni boqish serdaromad biznes hisoblanadi. Toʻrt oylik qoʻzichoqlar bir yil davomida yetilgan qoʻzining 80-90 foiz vaznini yigʻishga erishadi, oʻrtacha semirish miqdori 300 grammni tashkil qiladi. Qoʻylar parvarish uchun alohida eʼtiborni talab qilmaydi. Qoʻylarning goʻsht mahsuldorligi ularning zotiga bogʻliq. Qoida sifatida, sifatli qoʻy va qoʻzichoq goʻshtini olish uchun goʻsht yoʻnalishidagi qoʻylarni tanlaymiz.

 

Hisor zoti

 

Hisor – goʻsht-yogʻ uchun boqiladigan dagʻal junli dumbali zotlardan. Hisor qoʻylari yaxshi immunitet va sabr-toqati bilan ajralib turadi, ular qishdan yozgi yaylovlarga 400-500 km yoʻl yurishlari mumkin.

 

Hisor zoti Tojikiston va Oʻzbekistonda keng tarqalgan, baʼzi Rossiya viloyatlarida ham mavjud. Uning suyaklari mustahkam, oyoqlari quruq va uzun boʻladi. Qoʻchqorlarining tirik vazni 130-140 kg, sovliqlariniki 80-90 kilogrammga teng. Tana tuzilishi pishiq, koʻkragi keng. Boshi katta, tumshugʻi shoxsiz doʻng, quloqlari uzun. Dumbasining vazni 18-20 kg. Tusi, asosan, qoʻngʻir. Tez yetiladi. Olti oyligida 60 kg va undan ortiq tosh bosib, kuniga 500-600 gr vazn toʻplashi mumkinGoʻsht chiqimi 58-60 foiz.

 

Hisor qoʻylari juda yuqori sut mahsuldorligi bilan farqlanadi – ikki oy ichida 100-120 litrgacha sut beradi. Bu zotning alohida ajralib turgan jihatidan biri junli ekanida boʻlib, undan kigiz va namat tayyorlanadi. Qoʻchqorlaridan 1,3-1,6 kg, sovliqlaridan 1,0-1,4 kg jun olinadi. Har 100 bosh sovliqdan 95-110 ta qoʻzi bolalaydi.

 

Romanov zoti

 

Romanov – eng qadimgi va keng tarqalgan qoʻy zotlaridan biri. Romanov sovliqlaridan besh va undan ortiq qoʻzi olinadi.

 

Serpushtlik va tez yetiluvchanlik xususiyatlari Romanov qoʻylarini mamlakatimizda urchitishga qoʻl keladi – bir bosh ona qoʻy mavsumga qaramay ikki yilda uch avlod berishi mumkin. Yosh qoʻzilar 7-8 oyligida 35 kg, yetilganda 80-90 kg, sovliqlar 45-50 kg atrofida boʻladi. Bu qoʻylar sut mahsuldorligi ham yuqori boʻlib, bir bosh sovliq 100 kun davomida 7-8 foiz yogʻlilikda 100-110 litr sut sogʻib olinadi.

 

Edilbayev zoti

 

Edilbayev –  XIX asrda Qozogʻistonda koʻchmanchi chorvadorlar tomonidan yaratilgan qoʻy zoti boʻlib, havo iqlimi oʻzgarishlariga moslashuvchan. Bu zotli qoʻylar Rossiyaning janubiy choʻl mintaqalari fermalari orasida juda mashhur, shuningdek, yirik turlarini Orenburg va Saratov viloyatlarida, Tatariston, Boshqirdiston va Krasnodar oʻlkalarida uchratish mumkin.

 

Katta yoshli qoʻy ogʻirligi 100–120 kg, eng yetilgani 160 kilogrammgacha semiradi, ona qoʻylar 65–75 kg, baʼzan 115 kg tosh bosadi. Qoʻzilari juda yaxshi oʻsadi, 3,5-4 oylik qoʻzilar 40-45 kg boʻlishi mumkin.

 

Linkoln qoʻy zoti

 

Linkoln – goʻsht-jun uchun boqiladigan yarim mayin junli qoʻy zoti boʻlib, XX asrda Angliyada yaratilgan. Qoʻchqorlari 130-160 kg, sovliqlari 100-120 kg boʻladi. Bu zotning qoʻchqorlari yiliga 10-12 kg, sovliqlari 5-6 kg jun beradi. Junining uzunligi 20-30 sm, bir xil, pishiq, 55-65 foiz sof jundan iborat. 100 bosh sovliqdan oʻrtacha 120 ta qoʻzi olinadi. Dagʻal junli va merinos sovliqlari bilan chatishtirilib, krossbred turidagi serjun mahsuldor duragaylar olingan.

 

Oʻzbekistonda Linkoln qoʻylari jaydari qoʻylar bilan chatishtirilib, serjun-goʻshtdor duragay qoʻylar koʻpaytirilmoqda. Bu duragaylar juni jaydari qoʻylarning juniga qaraganda 2-2,5 marta koʻp boʻladi.

 

Prekos zoti

 

Prekos – XIX asrda Fransiyada seleksiya qilingan, nemis analogi sifatida oʻsha vaqtda goʻsht merinosi sifatida mavjud boʻlgan. Ushbu zot kuchli gavdasi va bochkasimon tana tuzilishi bilan ajralib turadi. Boʻrdoqi qoʻylarning tana ogʻirligi 110-130 kg, sovliqlari ulardan ikki barobar kam – 58-67 kg vaznga ega.

 

Yangi tugʻilgan prekos qoʻzilari taxminan 4-5 kg, toʻrt oyligida 30-35 kg vaznli boʻladi. Bu zot koʻproq Krasnoyarsk hududida, Orenburg, Omsk, Bryansk, Tambov, Belgorod, Kursk va Voronej viloyatlarida yetishtiriladi, shuningdek Belarus va Ukrainada keng tarqalgan.

 

Dorper zoti

Dorper – Janubiy Afrikada 1930-yilda dorsetxorn va mahalliy dumbali qaraforsiy qoʻylarini urchitish natijasida yaratilgan. Bu qoʻylarning goʻshti juda yumshoq va mazali, mayin yogʻi muskullar va suyaklar orasida bir qatlamda tekis taqsimlanadi. Boʻrdoqiga boqilayotgan qoʻylarning tana ogʻirligi 90-140 kg, sovliqlari 55-95 kg. Qoʻzilarining oʻsish surʼatlari tez – tugʻilganda 2-5,5 kilogrammgacha boʻlgan qoʻzichoqlar, toʻrt oylik davrida 26-65 kilogrammga yetadi va kuniga 450-730 gr vazn yigʻishi mumkin.

 

Sovliqlari tez yetilib, 7-8 oyligidan bemalol qochirishga tayyor boʻladi. Sovliqlar birinchi qoʻzilashda bitta qoʻzi, keyingi safar 2-3 ta qoʻzilaydi. Ona qoʻy urugʻlanish uchun fasl tanlamaydi, yaxshi oziqlantirilsa yiliga ikki marta qoʻzilaydi.

 

Dorper qoʻylari junsiz boʻladi, ammo terisi qalinligi tufayli past haroratda ham sovuq qotmaydi. Bu zotni oziqlantirish oson, chunki ularga past sifatli yaylovlar ham boʻlaveradi, oʻtlarni sinchiklab tanlab oʻtirmaydi. Dorper qoʻylari goʻsht yoʻnalishidagi zotlarining eng yaxshisi hisoblanadi. Xar qanday iqlim sharoitiga moslashuvchan, bu zot vakillari ikki kungacha suvsizlikka chidaydi va ichki parazitlarga bardoshlidir.

 

Vandeys zoti

 

Bu zot qadimgi fransuz qoʻylariga borib taqaladi. Qoʻchqorlar yagʻrinining balandligi 72-76 sm, ogʻirligi 95-150 kilogrammgacha, sovliqlarining balandligi 65-72 sm, ogʻirligi 60-110 kilogrammgacha boʻlishi mumkin. Yangi tugʻilgan qoʻzilar 4-6 kg boʻlib, toʻrt oy davomida har kuni 250-400 grammdan vazn yigʻadi. Vandeys qoʻylarining goʻshti yogʻsiz marmar koʻrinishida, yaxshi taʼmga ega. Qalin junga egaligi qoʻylarning yomgʻirli va sovuq havo sharoitlariga chidamli boʻlishini taʼminlaydi.

 

Svartbles zoti

 

Svartbles – Gollandiyada XX asrning 20-yillarida yaratilgan. Katta qoʻchqorlar yagʻrini balandligi 85-95 sm, vazni 90-130 kg, sovliqlari 75-82 sm, 75-100 kg vaznga ega. Ona qoʻydan tugʻilgan bitta qoʻzi 4-5,5 kg, ikki va undan ortiq qoʻzi 2,5-3,5 kg vaznli boʻladi. Qoʻzilarning kunlik vazni 400-600 grammga ortib, onasining yaxshi suti tufayli toʻrt oyda 32-45 kg tosh bosishi mumkin. Svartbles qoʻylarining goʻshti yogʻsiz, xushboʻy va mazali boʻladi. Bu qoʻylarning qalin juni ularni sovuq, shamol va namlikdan himoya qiladi.

 

Teksel zoti

 

Teksel – gollandiyalik fermerlar orasida juda mashhur goʻsht yoʻnalishidagi qoʻy zoti. Bu tur Rim davrida ham mavjud boʻlib, bugungi koʻrinishi XVIII asrga kelib shakllangan. Boshqa zotlardan farqli oʻlaroq, teksel podada boshqa hayvonlar bilan birga oʻsishni yaxshi koʻradi. Qoʻchqorlar yagʻrini balandligi 63-83 sm, vazni 90-140 kg, sovliqlar 58-75 sm, ogʻirligi 65-125 kilogrammga teng. Yangi tugʻilgan qoʻzining vazni 4-7 kg boʻlib, toʻrt oyligida 36-60 kilogrammga yetadi.

 

Teksel qoʻylari har qanday yoshda katta miqdorda mushak toʻqimalari, yaxshi soʻyish ogʻirligiga ega. Ularning yengil marmar goʻshti tez pishadi va yoqimsiz yogʻlar taʼmi sezilmaydi.

 

Suffolk zoti

 

Suffolk – goʻsht-jun yoʻnalishidagi shoxsiz qoʻy zoti. U tinch temperamenti, kuchli mushaklari tufayli salbiy ob-havo sharoitiga oson moslashadi. Tanasi tillarang-sariq jun bilan qoplangan, boshi va oyoqlaridagi tuklar qora rangda. Suffolk qoʻchqorlari 4-5 kg, sovliqlari 3-3,5 kilogrammgacha jun berishi mumkin.

 

Suffolk juda katta va boʻydor qoʻy boʻlib, taxminan 80 sm, tana ogʻirligi 110-150 kg – bir kunda 200-380 gr semiradi, soʻyim chiqimi 55-60 foizga teng. Yuqori immunitetga ega, har xil kasalliklarga chidamli. Suffolk qoʻchqorlari urchitilganda oʻz xususiyatlarini saqlab qoladi, shu bois ularni boshqa zot vakillari bilan chatishtirib, mahsuldor, yuqori goʻsht koʻrsatkichlariga ega krosslar yaratiladi. Ushbu zot serpusht – 100 bosh sovliq taxminan 130-190 ta qoʻzi beradi.

 

Odatda Suffolk qoʻylari yil davomida har qanday iqlim sharoitiga, yaylovlarga yaxshi moslashadi. Toʻgʻri oziqlangan hayvonlar tanasida katta yogʻ zaxiralari yigʻilib, qish oylarida yaylovlar qor va muz bilan qoplanganda, yozda oʻtlar va suv tanqisligi davrida qoʻl keladi.

 

Habibullo Hamdamov

Ask Facility loyihasining veterinariya va chorvachilik boʻyicha ekspert

Tanlovli ekinlar

Tanlov chorva mollari