Gʻallachilik boʻyicha muhim savollarga javoblar

#

Gʻalla oʻzbek fermerlari yetishtiradigan eng muhim mahsulotlardan biri hisoblanadi. Shu bois AKIS bu sohaga alohida eʼtibor beradi. Ekspert maslahatlaridan foydalangan holda, siz gʻallachilik boʻyicha dunyo tajribasidan kelib chiqib, mahalliy sharoitga moslangan yangi bilimlarni toʻplash, fermerlarga yetkazish, zararsiz va yuqori hosil olish usullari haqida maʼlumot olishingiz mumkin.

 

Agar siz gʻallachilik bilan shugʻullansangiz-u, kamroq suv va energiya ishlatib, koʻproq hosil olishni, zararkunandalarga qarshi zamonaviy usullarda kurashishni oʻrganishni istasangiz, AKIS markazlariga murojaat qiling. Sizga qanday yordam koʻrsatilishi haqida tushuncha boʻlishi uchun gʻallachilik haqida kelib tushadigan baʼzi muhim savollar va ularga javoblarni keltiramiz.

 

Kuzgi bugʻdoy yetishtirishda fosforli oʻgʻitning ahamiyati qanday?

 

Kuzgi bugʻdoy yetishtirishda fosorli oʻgʻit berilishi oʻsimlikning ildiz tizimi yaxshi rivojlanadi, qoʻshimcha tup hosil qiladi, kasallik va zararkunandalarga chidamligi oshadi, yotib qolishga, issiqlikka, garmselga va sovuqqa bardoshliligi ortadi. Kuzgi bugʻdoyning fosfor oʻgʻitiga boʻlgan talabi urugʻ unib chiqqandan boshlab tuplanish fazasi boshlanguncha umumiy oʻzlashtirish mumkin boʻlgan fosforning 9 foizini, boshoq chiqarib pishib yetilgunga qadar esa oʻsimlik oʻzlashtiradigan fosfor oʻgʻitining 91 foizini oʻzlashtiradi.

 

Kuzgi yumshoq bugʻdoy urugʻlarini ekishdan oldin gektariga 100 kg ammafos mineral oʻgʻiti bilan oʻgʻitlanganda yuqori hosildorlik uchun yetarli boʻladimi? Etarli boʻlmasa, oʻsuv davrida qoʻshimcha ammafos berish qanday samara beradi?

 

Tavsiya etilgan meʼyorga koʻra N180P90K60 nisbatda oʻgʻitlash (oziqlantirish) lozim. Bu yerda P90 – sof holda fosfor 90 kg, agar ammafos berilgan boʻlsa uning tarkibida 46% fosfor bor, yaʼni 100 kg fizik holdagi ammafos berilishi sof holda 46 kg fosfor (meʼyorga nisbatan 44 kg kam) berilganligini bildiradi. Fosforli oʻgʻitlar harakatsiz boʻlganligi sababli oʻsuv davrida berilmaydi. Bu holatda tarkibida fosfor boʻlgan “Koda P54” (85%) yoki IFO PZN (25%) suyuq fosforli oʻgʻitlardan gektariga 2-3 litr foydalanish maqsadga muvofiq.

 

Nav tanlashda nimalarga eʼtibor qaratish kerak?

 

Suv bilan yetarli taʼminlangan maydonlarda Krasnodar seleksiyasiga mansub navlarni joylashtirish talab etiladi. Suv bilan kam taʼminlangan maydonlarga esa mahalliy navlarni ekish maqsadga muvofiq. Chunki, mahalliy issiqlik va qurgʻoqchilikka chidamli navlar 2-3-marta sugʻorilganda ham yetarlicha hosil berish imkoniyati ega. Ekish muddatlariga koʻra ham nav tanlash muhim ahamiyatga ega. Chunki, oʻta kech ekilgan maydonlarda Krasnodar seleksiyasiga mansub kuzgi yumshoq bugʻdoy navlari ekilishi oqibatida tuplamasdan, bir tupda bir boshoq hosil qilishi mumkin. Aksincha, erta (sentabr) muddatda ekilganda duvarak navlarni ekmaslik kerak. Chunki bu navlar kech kuz mavsumida naychalashi va hosildorlik pasayib ketishi mumkin.

 

Kuzgi mavsumda bugʻdoy ekishda gektariga necha kg urugʻ berish yaxshi samara beradi?

 

Kuzgi bugʻdoyning urugʻ ekish meʼyori ekish muddatlariga qarab belgilanadi. Urugʻ nisbatan erta muddatlarda ekilgan sharoitda havo va tuproq haroratining yuqoriligi, qulay sharoit, oʻsish davri davomiyligining yetarli boʻlishi hisobiga oʻsimlik yaxshi tuplanadi. Shu tufayli urugʻ ekish meʼyori biroz kamroq boʻladi. Kuzgi bugʻdoy sentabr oyining oxirgi oʻn kunligida ekilgan sharoitda urugʻ ekish meʼyori 4,5-5,0 mln dona unuvchan urugʻ hisobida (yoki 180-200 kg/ga) belgilanadi. Urugʻ oktabr oyining birinchi yarmida ekilgan sharoitda 5,0-5,5 mln dona unuvchan urugʻ hisobida (yoki 200-220 kg/ga) belgilanadi. Kuzgi bugʻdoy urugʻlari oktabr oyining ikkinchi yarmida ekilganda esa ekish meʼyori 5,5-6,0 mln dona unuvchan urugʻ hisobida (yoki 220-240 kg/ga) belgilanadi.

Tanlovli ekinlar

Tanlov chorva mollari