Farzandingiz boshi og‘riganda 3 pachka “Sinepar” ichirasizmi? “Sinepar” dehqonchilik haqida

#

“Shaftoliga sal ko‘proq dori qo‘shsam, tezroq taʼsir qiladi”, deb o‘ylaydigan odamlar ham bor. Vaholanki, kimyoviy vositalarning “sal ko‘pi” dori emas, zaharga aylanadi. Doriga cho‘milgan shaftolini yeyish kimga yoqadi?” – deydi Toshkent viloyati fermerlardan biri.

 

Bu fikrlarni eshitib, kimyoviy preparatlar, pestitsidlarning zararlari yuzasidan Yevropa Ittifoqining Qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash dasturi eksperti Slavin Alenovich bilan qisqa suhbat uyishtirdik.

 

Ximikatlar” shunchalik yomonmi? Nima uchun ekinlarga sepilgan kimyoviy dorilar “zahar”ga aylanadi?

 

Kimyoviy dorilardan umuman foydalanmaslik kerak, degan fikrdan uzoqmiz. Hamma gap me’yorda. Aksar dehqonlar, tomorqa yer egalari ko‘pincha urfga chiqqan, yoki, deylik, qo‘shni fermer tavsiya qilgan “ximikatlar”ni ishlatish chastotasi, meʼyorlari haqida aniq bilmasdan sepaveradi. Natijada, ekin zararkunandalarining chidamliligi oshib, bugun sepilgan dori ertaga ta’sir qilmay qo‘yadi. Dehqon aybni dori sifatiga to‘nkab, miqdorni ikki-uch baravar ko‘paytiradi. Bu xuddi boshi og‘riyotgan odamni davolash uchun 3 pachka “Sinepar” berib, oshqozon va jigarini ishdan chiqarishdek gap. Ekinlar ham tirik jon ekanligini unutib qo‘yish juda chatoq.

 

Kim ham boshi og‘riganda 3 pachka dori ichadi? Shu oddiy haqiqatni bilsa ham, fermer-dehqonlar kimyoviy dorilardan foydalanishni aslo to‘xtatishmaydi. Bunga sabab nima?

 

O‘zbekistonda fermer-dehqonlardan tortib, tomorqasi bor hamma odamlar kimyoviy dorilardan foydalanishga juda o‘ch. Bunga sabab, birinchidan, kimyoviy dorilarni sepish oson, ularni foydasi ham tezda bilinadi. Ikkinchidan, odamlarda kimyoviy vositalar o‘rniga yana qanday usullardan foydalanish mumkinligi haqida yetarli bilim mavjud emas. Qolaversa, fermerlarni dorilarni sotib olishga majburlashadi, degan gaplarni ham eshitdim.

 

Xo‘sh, kimyoviy vositalarni kamaytirib, sog‘lom meva-sabzavotlarni yetishtirish uchun nima qilish kerak unda?

 

Birinchi navbatda, xabardorlikni oshirish ishlarini yanada kuchaytirish kerak. Bu davlat va xalqaro loyihalar hamkorligida, birgalashib qilinadigan ish. Har bir fermer, dehqon, tomorqa egasi kimyoviy dorilash yagona chora emasligini, aksincha, ulardan ko‘p foydalanish ekinlar kasalligi va zararkunandalarida rezistentlikni keltirib chiqarib, ikki baravar zarar keltirishini tushunishi zarur.

 

Davlat va xalqaro loyihalar tomonidan qanday ishlar amalga oshirilyapti bu masala bo‘yicha?

 

Hozirda Milliy va viloyat AKIS markazlari bilan hamkorlikda GAP – maqbul qishloq xo‘jaligi amaliyoti, IPM – zararkunandalarga qarshi kompleks kurash bo‘yicha ko‘plab seminarlar o‘tkazilmoqda. Barcha viloyat AKIS’lariga murojaat qilib, darslarda ishtirok etishi yoki bo‘lmasa mustaqil holda mutaxassislar maslahatlarini olishi mumkin.

 

* * *

 

Suhbat davomida, ekspertning ta’kidlashicha, GAP’ni to‘liq amaliyotda qo‘llash, o‘simliklar himoyasi uchun imkon qadar kimyoviy vositalarni kamaytirish, nokimyoviy, biologik yoki fizik usullardan foydalanishga o‘tish bir yoki ikki yilda bajariladigan, natija beradigan ish emas. Ammo uzoq muddatli istiqbolda, nafaqat chet elliklar, balki mahalliy iste’molchilar uchun sog‘lom oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirib, ichki va tashqi savdo darajasini oshirish orqali muvaffaqiyat keltiradi. Buning uchun sizlardan bir narsa – dehqonchilikdagi amaliy muammolar yuzasidan o‘zingiz bilganingizdek yoki qo‘shni fermer maslahatiga kirib, dori miqdorini ko‘paytirmay, AKIS’ga murojaat qilishingiz talab qilinadi xolos. AKIS maslahat xizmatlari mutlaqo BEPUL!

 

Boshi og‘riyotgan bolangizga 3 pachka “Sinepar” ichirmasligingiz hamisha yodingizda tursin.

Tanlovli ekinlar

Tanlov chorva mollari