Echkilar haqida umumiy maʼlumot

#

Echkilar chorvachilikda eng keng tarqalgan jonivor turlaridan biri hisoblanadi. Ularni goʻshti, suti va boshqa mahsulotlari uchun qadrlashadi.

 

Echki boqish bilan bogʻliq masalalar juda koʻp. Ularni navbatma-navbat yoritib boramiz. Quyida esa echkilar haqida eng muhim umumiy maʼlumot beramiz.

 

Biologik xususiyatlari boʻyicha echkilar koʻp jihatdan qoʻylarga oʻxshash: tumshugʻi boshidan boʻrtib chiqqan, lablari harakatlanadi va old tishlari oʻtkir. Shuning uchun echkilar past oʻtli yaylovda bemalol oziqlanadi. Qoʻylardan farqli oʻlaroq, echkilarning tana tuzilishi mustahkam, shoxlari muguz qavatli, soqollari va sirgʻalari bor.

 

Echkining oshqozoni toʻrt kamerali boʻlib, butasimon va daraxtsimon oʻsimliklarning barg va urugʻlarini, yem-xashaklarini yaxshi yeydi. Qoʻylarda poda instinkti yaxshi rivojlangan, echkilarni kichik guruh yoki aloxida boqish mumkin.

 

Echkilar ozuqa, turar-joy va ob-havoga injiq emas, yuqumli kasalliklarga sezuvchanligi past, ogʻir iqlim sharoitlarida ham koʻpaya oladi. Koʻpchilikka maʼlum, echkilar boshqa hayvonlar chiqa olmaydigan baland togʻ-toshli yaylovlarda yashashi mumkin.

 

Hindiston, Xitoy va Pokiston mamlakatlari echkilar soni boʻyicha dunyoda yetakchilik qiladi. Echki sutini ishlab chiqarishda eng ilgʻor davlatlar Hindiston, Turkiya va Gretsiya; echki goʻshtini yetishtirish boʻyicha Xitoy, Hindiston, Pokiston; echki junini yetkazib berishda esa Turkiya, AQSh hamda Janubiy Afrika Respublikasi oldingi oʻrinda turadi.

 

Echkilarning xoʻjalik foydalanish muddati 7-9 yil. Ularning eng yuqori tugʻish davri 7-8 yosh, oʻrtacha homiladorlik muddati 140-155 kun boʻlib, 100 ta ona echkidan oʻrtacha hisobda 130-140 bosh echki bolachalari dunyoga keladi.

Tanlovli ekinlar

Tanlov chorva mollari