Qo‘ziqorin dastlab qaerda yetishtirilgan?

 Qo‘ziqorin yetishtirish qadimgi davrlarga borib taqaladigan uzoq va qiziqarli tarixga ega. Ushbu mahsulot dastlab Xitoyda yetishtirilgan bo‘lsada, XYII-asrda Fransiyada va Yevropaning boshqa davlatlarida rivojlangan. Fransuzlar qo‘ziqorinni g‘orlarda yetishtirishni birinchilardan bo‘lib boshlagan. Keyinchalik bu usul Yevropaning boshqa davlatlarida ham qo‘llanila boshlandi.

AQShda birinchi tijorat qo‘ziqorin fermasi 1896 yilda Pensilvaniyada V. Robinson tomonidan tashkil etilgan. Biroq 1920-yillardan boshlab ummon ortida qo‘ziqorin yetishtirish haqiqatan ham rivojlana boshladi. Sababi yevropalik muhojirlar qo‘ziqorin yetishtirish bo‘yicha o‘z bilim va tajribalarini olib kelishdi.

Dastlabki paytlarda qo‘ziqorin yetishtiruvchilar duch kelgan eng katta qiyinchiliklardan biri uning o‘sishini boshlash uchun ishlatiladigan materialning ishonchli urug‘lanish manbasini topish edi.

XX-asrning o‘rtalarida qo‘ziqorin yetishtirish sanoatida inqilob yaratgan yangi texnologiyalar va usullar ishlab chiqildi. Sintetik kompost va iqlim nazorati ostida yetishtirish sharoitlarining rivojlanishi qo‘ziqorinlarni yil davomida yetishtirishga imkon berdi. Bu esa ishlab chiqarishni sezilarli darajada oshirdi va xarajatlarni kamaytiradi. Sekin-sekin qo‘ziqorinlarning supermarketlar va restoranlarda keng tarqalishiga olib keldi va ularni dunyoning ko‘plab qismlarida asosiy oziq-ovqat mahsulotiga aylantirdi.

Bugungi kunda qo‘ziqorin yetishtirish sanoat darajasiga chiqdi. Har yili dunyo bo‘ylab millionlab tonna qo‘ziqorin ishlab chiqariladi. Aksariyat qo‘ziqorinlar kompost yordamida va boshqariladigan iqlim sharoitida yetishtirilayotgan bo‘lsada, ushbu tarmoqda yana inqilob qilishi mumkin bo‘lgan yangi usullar ishlab chiqilmoqda. Misol uchun, tadqiqotchilar qo‘ziqorin ishlab chiqarishni maqbullashtirish uchun robototexnika va sun’iy intellektdan foydalanishni o‘rganmoqdalar.

Qadimgi Xitoyda kamtarona boshlangan qo‘ziqorin yetishtishtirish hozirgi yuqori texnologiyali fermalarga qadar qo‘ziqorin uzoq yo‘lni bosib o‘tdi.

Qo‘ziqorinni qaysi davlat qancha eksport qildi?

2021 yil ma’lumotlariga ko‘ra qayta ishlangan qo‘ziqorinlarning eng yirik eksportchilari Xitoy (747 million dollar), Niderlandiya (272 million dollar), Polsha (132 million dollar), Ispaniya (86,2 million dollar) va Italiya (64 million dollar) bo‘ldi. Mahsulotning eng yirik importchilari esa AQSh (143 million dollar), Vetnam (135 million dollar), Germaniya (107 million dollar), Rossiya (102 million dollar) va Malayziya (91,7 million dollar) bo‘ldi.

 

Bugun yurtimizda ham qo‘ziqorin yetishtirish borasida yetarlicha tajriba to‘plandi. Tadbirli yurtdoshlarimiz xonadon sharoitida ham qo‘ziqorin yetishtirib, yaxshigina daromad olmoqdalar.