Sovliqlarni laktatsiya (emizish) bosqichida oziqlantirish

Qoʻylar chorvachilikda eng keng tarqalgan jonivor turlaridan biri hisoblanadi. Qoʻyning goʻshti va juni qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishida juda muhim mahsulot hisoblanadi.

Qoʻy boqish bilan bogʻliq masalalar juda koʻp. Ularni navbatma-navbat yoritib boramiz. Quyida sovliqlarni emizish paytida oziqlantirish boʻyicha asosiy maʼlumotlarni beramiz.

Laktatsiya (emizish) paytida qoʻylar yuqori qiymatli oziqlanishni talab qiladi. Biz qoʻylarni qanday oziqlantirsak, ular qoʻzilarni shunday oziq qiymati bilan taʼminlaydi. Qoʻylarni tuqqanidan keyin oziqlantirishda emizikli qoʻzilar soniga qarab guruhlarga boʻlish maqsadga muvofiq. Har bir qoʻzi uchun ona qoʻyga 400 gr donli konsentrat berilishi toʻgʻri boʻladi.

Protein va energiya sut ishlab chiqarish uchun katta ahamiyatga ega. Agar oziq moddasi talabdan past boʻlsa, sut miqdori va qoʻzichoqning oziqlanish miqdori kamayadi. Emizish davrining dastlabki 60 kunidan keyin ozuqa miqdorini kamaytirish kerak, chunki bu qoʻyda yogʻlar almashinuvini oshiradi.

Koʻp qoʻylar emizish paytida vazn yoʻqotadi. Laktatsiya paytida vaznni koʻtarish uchun koʻproq oqsil berish talab qilinadi.

Laktatsiya davrida qoʻylar emizmaydigan qoʻylarga qaraganda ikki baravar koʻp suv ichadi. Ona qoʻylar oldida doim toza suv boʻlishi kerak. Suv idishlari har kuni tekshirilishi va tozalanishi lozim. Qish oylarida suv harorati iliq boʻlishi kerak.

Sutdan ajratish davrida oziqlantirish

Qoʻzilarni sutdan ajratishdan 1-2 hafta oldin ona qoʻylarning donli ozuqasi kamaytiriladi. Sutdan ajratishga bir hafta qolganda onalarga hech qanday don berilmasligi, sifati pastroq oʻt pichani yoki somonga oʻtilishi kerak. Qoʻzilar ajratilgandan keyin sovliqlar quruq joyda saqlanib, yelinlari qayta kichraygunicha past sifatli pichan yoki somon bilan oziqlantiriladi.

Sutdan ajratilganda qoʻylarni suvdan ajratish toʻgʻri emas. Bu ayniqsa issiq kunlarda xavf tugʻdiradi. Sutdan ajratilgandan keyin sovliqlarni darrov yaylovga chiqarmaslik kerak.

Bahorda oʻtlar sut ishlab chiqarishga katta hissa qoʻshadi, sutni oqsil va boshqa oziq moddalar bilan boyitadi.

Sutdan ajratish paytida qoʻylarda mastitni qatʼiy nazorat qilishi talab etiladi, chunki kasallangan yelin bilan qoʻylar sut ishlab chiqara olmaydi.