Stenon texnologiyasi endi Oʻzbekistonda. U dehqonchilikka qanday yordam beradi?

01:27 / 14.03.2023
#

Ekin ekiladigan tuproq necha xil tahlildan oʻtkazilishini bilasizmi? Tuproqning hosildorligini, namligini, kimyoviy tarkibini va boshqa jihatlarini oʻrganish uchun 20 ga yaqin tahlil oʻtkazish talab qilinadi. Bu tahlillar natijalariga qarab tuproqqa ishlov berish, ekin ekish, sugʻorish usullarini belgilab olsa boʻladi. Shu tariqa dehqonchilikda yaxshi hosildorlikka erishiladi, tuproqqa kamroq zarar yetkaziladi.

 

Ilgarigi zamonlarda tuproqni tahlildan oʻtkazish uchun uning namunasini laboratoriyaga joʻnatish talab qilingan. Namuna oʻrganilishi esa ancha vaqt va pul talab qilgan. Aslida tuproqni laboratoriyaga olib borish ham vaqt va pul ketkizish degani.

 

Ammo endi zamon oʻzgardi. Ilm-fandagi oʻsish tufayli yangi texnologiyalar ishlab chiqildi. Bugun shunday texnologiyalar borki, tuproqni joyida tahlil qilib, bir necha daqiqada natija olish imkonini beradi.

 

Ana shunday texnologiyalardan biri Germaniyaning Stenon tizimidir. Bu sensorli texnologiya boʻlib, koʻp vaqt, xarajat talab qilmaydi, koʻp joy olmaydi. Shunchaki dalaga borib, tuproqni tahlil qilib, bir zumda natija olish mumkin. Ishlab chiqaruvchilarning aytishicha, texnologiya 3 daqiqada 19 ta tahlil oʻtkazish imkonini beradi.

 

Shu texnologiya endi Oʻzbekistonda ham bor. Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markaziga yaqinda Germaniyadan Stenon texnikalari olib kelindi. Endigi vazifa bu texnologiyani keng joriy qilish, fermerlarga undan foydalanishni oʻrgatish va tahlil bilan bogʻliq xizmatlarni koʻrsatishdir.

 

Ekspertlar Stenon tizimi Oʻzbekistonda dehqonchilikni ancha osonlashtirishini, hosildorlikni oshirishini kutmoqda. Yaqin kelajakda oʻzbek dehqon-fermerlari ekin yerlarining tuprogʻini joyida, nechchi marta kerak boʻlsa, shuncha tekshirish imkoniga ega boʻladi.

 

Yana bir narsani unutmaslik kerak. Bu qurilma bilan tahlil oʻtkazishning oʻzi bilan ish bitmaydi. Natijalarni oʻrganib, xulosa qiladigan, tuproq xususiyatiga mos ishlarni maslahat bera oladigan olimlar, mutaxassislar ham kerak. Yaʼni endilikda Stenon bilan ishlab, uning yordamida dehqonchilikka yangi bilimlarni olib kiradigan tizimni ham yaratish kerak boʻladi. Xullas, hali oldinda qilinadigan ishlar koʻp, Stenon kabi texnologiyalar Oʻzbekistonga kirib kelishi esa bu jarayonni tezlashtiradi. Ushbu texnika haqida koʻproq maʼlumot olish uchun AKIS ekspertlariga murojaat qiling.