Mashhur koreys qulupnayi endi O‘zbekistonda ham yetishtiriladi

00:21 / 12.02.2023
#

Bahorning eng kutilgan mahsulotlaridan biri qulupnay bo‘lsa kerak. Qulupnay qisqa muddat bozorlarni to‘ldiradi, shunga uning ishqibozlari o‘z vaqtida bu ajoyib rezavorni iste’mol qilishga urinadi.

 

Qulupnay ishqibozlari Janubiy Koreyada bu rezavorning eng mashhurlari yetishtirilishini bilsa kerak. Koreys qulupnayi juda mazali va sifatli hisoblanadi va juda ko‘p davlatlarga eksport qilinadi. Koreys qulupnayini sotib oladigan davlatlar orasida AQSH, Kanada, Yangi Zelandiya, Singapur, Vetnam, Malayziya va boshqalar bor. 2020 yilda Koreya qulupnayni chetga sotishdan qariyb 54 mln dollar foyda ko‘rgan.

 

Mashhur koreys qulupnaylari yaqinda O‘zbekistonda ham yetishtirila boshlaydi. O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Koreya qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va qishloq ishlari vazirligi o‘rtasida imzolangan kelishuvga ko‘ra, O‘zbekistonda Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va ularning ko‘chatlarini yetishtirish markazi tashkil qilinadi. Bu ishga 3,7 mln dollar ajratiladi.

 

Markaz 2022-2025-yillarda qurib bitirilishi va ishga tushishi kutilmoqda. Shunday qilib, yaqin yillarda O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi yuritishda koreys texnologiyalaridan foydalanish boshlanadi.

 

Markazda to‘rt asosiy vazifa bajariladi:

  • aqlli qishloq xo‘jaligi va qulupnay ko‘chatchiligi laboratoriyasi tashkil etiladi;
  • mahalliy ishchilar va fermerlar uchun amaliy mashg‘ulotlar va treninglar o‘tkaziladi;
  • fermer xo‘jaliklariga maslahat berish uchun mahalliy mutaxassislar Koreyaga yuboriladi, xorijlik mutaxassislar O‘zbekistonga taklif etiladi;
  • saqlash va qadoqlash loyihalari amalga oshiriladi.

 

Shuningdek, in-vitro laboratoriyasi, ko‘chatxona va issiqxona tashkil etiladi. Minglab fermerlarlarga trening va seminarlar o‘tkaziladi. Ularga Koreya ko‘chatchilik tajribasi o‘rgatiladi, issiqxonada yetishtirilgan virusdan xoli, xosildorligi yuqori, eksportbop in-vitro ko‘chatlari yetkazib beriladi, yuqori xosil olish agrotexnikasidan dars beriladi. Bu ishlar Toshkent viloyatida amalga oshiriladi.