Faqat insonga emas, yerga ham zarar. Tuproqning sho‘rlanishi va unga qarshi kurashish choralari haqida
00:31 / 12.02.2023

Sho‘rlangan yerlardagi tuzning asosiy qismini oddiy osh tuzi (NaCl) tashkil qilishini bilasizmi? Mana shunaqa. Erinmagan odam bo‘lsa, aslida sho‘rlangan yerlardan osh tuzini ajratib olishi mumkin, negaki bunday yerlardan, osh tuzidan tashqari, kalsiy xloridi va natriy sulfat kabi moddalar ham uchraydi. Lekin osh tuzi, ayniqsa ko‘p iste’mol qilinsa, inson organizmiga zarar keltirganidek, yerga ham zarar keltiradi.

Yerda tuz miqdori 0 dan 2 detsisimens/m gacha miqdorda bo‘lsa, sezilarli zarar keltirmaydi. 2–4 detsisimens/m miqdoridagi tuz ba’zi ekinlarning, 5 detsisimens/m esa ko‘pchilik ekinlarning hosilini kamaytiradi. Yerda tuz miqdori 8 detsisimens/m dan ko‘p bo‘lsa, u yerda normal dehqonchilik qilib bo‘lmaydi.

Bugungi kunda sho‘rlanishga qarshi kurashning ikki eng samarali yo‘li mavjud:

sho‘r yuvish – bunda o‘simlik talab qilgan miqdordan biroz ko‘proq suv yordamida tuz ildiz zonasidan pastga yuvib tushiriladi. Bu chora asosan yuqori sifatli suv bo‘lganda ekinlarni yetishtirish davrining muhim bosqichlarida amalga oshiriladi;

drenajlash – yer osti suvlari tuproqning ustki qatlamiga yaqinlashganida ekinning ildiz tizimi sho‘rlanmasligi uchun bu suv bug‘lanishining oldini olish kerak bo‘ladi. Buning uchun esa suvni tuproq tez sho‘rlanib ketishiga sabab bo‘ladigan chuqurlikdan pastroqda ushlab turilishi zarur. Ana shunday vaziyatda drenaj tizimi yordamida yer osti suvlarining sathi nazorat qilinadi.

O‘zbekiston sho‘rlanishdan aziyat chekayotgan davlatlardan biri hisoblanadi: issiq havo, suv yetishmovchiligi, ochiq dasht zonalaridagi shamol tufayli yerlarimiz sho‘rlanib, yaroqsiz bo‘lib bormoqda.

Yerda sho‘r yig‘ilishiga sabab bo‘ladigan odatiy omillar – suv bug‘lanib yoki yer osti suvi ko‘tarilib, o‘zlarining minerallarini qoldirishi, sug‘orish suvlari yo‘l-yo‘lakay yuvib, tuz olib kelishidan tashqari, Orol dengizining qurigan tubidan tuz bo‘ronlarining ko‘tarilishi ham bizga og‘ir talafot yetkazmoqda. Qoraqalpog‘iston, Xorazm va Buxoroning oppoq tuz bilan qoplangan yerlarini ko‘rgan bo‘lsangiz, bu talafot qay darajada jiddiyligini bilasiz.

Shuning uchun ham O‘zbekistonda maqbul qishloq xo‘jaligi amaliyotini joriy qilish juda muhim. Yopirilib kelayotgan tuz va cho‘l, boshqa tomondan esa sug‘orish suvlarining kamayishi bizni shoshilinch choralar ko‘rishga undaydi. Bunda har bir dehqon, fermer o‘z yerlarida AKIS bilimlariga asoslanib ishlashi, sho‘rlanishga, tuproq yemirilishiga qarshi kurashi, suvni tejashi va boshqa ishlarni bajarishi zarur. Har bir fermer muammoni tushunib, uni yengishga harakat qilsa, ham bundan manfaatdor bo‘ladi, daromadini oshiradi, ham mamlakatdagi umumiy vaziyatni yaxshilashga hissa qo‘shgan bo‘ladi.