Agrosubsidiya.uz – subsidiya olish uchun sizga yordamchi!

01:27 / 14.03.2023
#

Texnologiyani yaxshi jihati mushkulni oson, uzoqni yaqin qilishida, shunday emasmi? Zamonaviy texnologiyalar rivojlanishi qishloq xo‘jaligi xizmatlaridan foydalanishda ancha tezkorlikni yaratib, ovoragarchilikni kamaytirishga yordam bermoqda. Misol uchun, yaqinda ishga tushirilgan Agrosubsidiya.uz axborot saytini olaylik. Bu sayt qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarga subsidiya ajratish jarayonini, xususan, xujjatlarni to‘plash, ko‘rib chiqish, vakolatli tashkilotlar bilan kelishish bosqichlarini elektron shaklda bajarishga mo‘ljallangan.

 

Sayt orqali quyidagi yo‘nalishlarda 19 turdagi subsidiyalarga ariza topshirishingiz mumkin:

  • paxta xomashyosi yetishtirishda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha xarajatlarning bir qismini qoplash;
  • poliz, dukkakli, moyli, dorivor va boshqa ekinlarni yetishtirshda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishga sarflangan xarajatlarning bir qismini qoplash;
  • suv taʼminoti og‘ir hududlarda aholi tomorqa yer maydonlarini sug‘orish uchun vertikal sug‘orish quduqlarini burg‘ilash va ishga tushirishga sarflangan xarajatlarning bir qismini qoplash;
  • yangi intensiv bog‘ va uzumzorlarda zamonaviy sug‘orish texnologiyalarini joriy etishga sarflangan xarajatlarning bir qismini qoplash.

 

Saytdan foydalanish orqali siz shunday imkoniyatlarga ega bo‘lasiz:

  • subsidiya olish uchun masofadan elektron tarzda arizalarni yuborish;
  • vakolatli organlar tomonidan arizalarni ko‘rib chiqish;
  • identifikatsiya raqami bilan ariza holatini tekshirish;
  • ariza natijalarini elektron tarzda rasmiylashtirish.

 

Agrosubsidiya tizimidan foydalanish uchun OneID – elektron hukumat saytida ro‘yxatdan o‘tish talab qilinadi. Shundan so‘ng, zarur subsidiya turini tanlab, ma’lum anketani to‘ldirib, ariza qoldirasiz. Yuqorida aytilganidek, ariza holatini va natijasini shu saytning o‘zida tekshirib turishingiz mumkin.

 

“Agrosubsidiya” tizimi haqida qo‘shimcha ma’lumotlar uchun “Agrosubsidiya” Telegram guruhi, 71 206-70-07 raqamlaridagi ishonch markazi orqali bog‘lanishingizni so‘raymiz.